Assalom-u alaykum, Mehmon! Soat: 03:59
KirishRo'yxatdan o'tish
Viktor Jalilov: “Durang adolatli natija bo'ldi”
  4 May, 20:55  5

.

Coca Cola Superliga 7-turidan o'rin olgan “Qizilqum” – “Navbahor” uchrashuvidan keyin dastlab “lochinlar” bosh murabbiyi Viktor Jalilov o'yin haqidagi fikrlarini bildirdi.

- Bugungi bahsda har ikki jamoa xatoga yo'l qo'ymaslik maqsadida ehtiyotkorlik bilan o'ynadi. Odatda, bunday uchrashuvlar taqdirini yagona gol hal qiladi. Bugun har ikki jamoa bittadan to'p kiritdi, kimdir xatoga yo'l qo'yganda, yutqazardi. O'ylashimcha, mazkur durang adolatli natija bo'ldi. “Qizilqum”da ham, bizda ham gol urish uchun imkoniyatlar vujudga keldi. Aftidan, bugun hech bir tomon g'alabaga loyiq emasdi, shekilli, - dedi Viktor Jalilov.

- Nega boshqa darvozabonlar xizmatidan foydalanmayapsiz?

- Birinchidan, O'tkir bizda asosiy darvozabon sanaladi. Davronovni esa zarur paytda uning o'rnini to'ldirish maqsadida taklif qilgandik. Kubok bellashuvlarida Rahimjonni maydonga tushirmoqchi edik, afsuski, u qo'lidan jarohat oldi. “Qizilqum” bilan o'yinga ham uni qaydnomaga kiritish-kiritmaslikka ikkilandik, lekin yakunda baribir, ro'yxatga qo'shdik. Umuman olganda esa, Davronov asosiy jamoa mashg'ulotlarida qatnashyapti.

- “Mash'al” klubi tomonidan yaratib berilgan shart-sharoitlardan ko'nglingiz to'ldimi?

- Albatta, birinchi navbatda, “Mash'al” klubiga bugungi o'yinni o'tkazishimiz uchun yaratib berilgan sharoitlar uchun rahmat aytmoqchiman. Haydovchilardan tortib, boshqa tomonlama qulayliklar taqdim etildi. Qolaversa, maydon ham yaxshi ekan.

- Zabihillo O'rinboev yaxshi o'ynab turgandi, uni nega o'zgartirdingiz?

- U bilan Quvondiq charchab qolishgani uchun o'rnilariga boshqa futbolchini maydonga tushirib, hujumni kuchaytirishga harakat qildik. Yangi tushganlarda ham imkoniyatlar bo'ldi, lekin ulardan foydalana olishmadi.

- “Navbahor” bugun ochko oldimi yoki yo'qotdimi?

- Avval aytganimdek, durang adolatli natija bo'ldi. Hech bir jamoa to'liq ustunlikka erishmadi. Chetdan qaraganda qanday bilmadimu, bugun teng o'yin kechdi.

- O'z vaqtida “Mash'al”da ishlagansiz. O'sha paytdagi jamoa bilan hozirgisining o'rtasida qanday farq bor?

- U paytlari tarkibda nisbatan kuchli futbolchilar to'p tepishgandi. Ularning aksariyati milliy terma jamoa a'zolari hisoblanishgan. “Mash'al”ning o'shanda ikkinchi o'rinni egallagani, Chempionlar Ligasida qatnashgani o'yinchilar saviyasidan darak berib turibdi. Umuman, hozirgi tarkibdagi futbolchilar ham yomon emas.

“Navbahor” PFK matbuot xizmati.

Manba: stadion.uz

Yangiliklarni Telegramda o'qing!
BILDIRILGAN FIKRLAR

Фойдаланувчи қоидалари
E-mail: maydon.net@gmail.com
© Maydon.net— «Спорт янгиликлари»