Assalom-u alaykum, Mehmon! Soat: 04:09
KirishRo'yxatdan o'tish
Taqdir: Bir yil oldin «Tottenxem» kiperi, endi…
  5 May, 06:30  30

.

Hayotning ishlari qiziq-da... Mishel Vorm bir yilcha oldin ham «Tottenxem» darvozaboni edi, endi u - o'z mamlakati Niderlandiya qishloqlaridan biridagi sartaroshxona sohibi. Futbolchilik faoliyati chakki chiqmagan golkiper 2020 yilning oktyabr oyi oxirida qo'lqoplarini mixga ilishini e'lon qildi. Aslida u 2019 yil yozdayoq xayrlashuvga yaqin edi - «Tottenxem» bilan shartnomasi muddati tugagach, o'ziga munosib yangi klub topolmagandi.

Qarangki, mavsum-2019|2020 startidan ko'p o'tmay, aniqrog'i, kuzda «Tottenxem»ning asosiy darvozaboni Ugo Loris jiddiy jarohatga yo'liqib, ma'lum muddatga safdan chiqdi va Vormning faoliyati yana bir yilga cho'zildi. To'g'ri, niderlandiyalik kiper 6 yil «shporlar» ixtiyorida bo'lib, bu oraliqda APL doirasidagi atigi 13ta o'yinda qatnashdi. Aytish o'rinli, Mixelning o'zi o'tgan yoz ham futboldan ketish haqida jiddiy o'ylamagandi: «Endi Niderlandiyadan tashqariga chiqmaslik borasida aniq to'xtamga kelgandim. Faqat Eredizionda o'ynashim mumkin edi. Juda iloji topilmasa, Belgiya chempionatiga yo'l olardim... Ammo takliflar tushgani yo'q, keyin futbolchilar bo'm-bo'sh tribunalar ostida qanday o'ynayotganlarini kuzatdim va shu asnoda ketish uchun eng qulay vaqt kelganini angladim. Faoliya­tim davomida ichki imkoniyatimni qay darajada ishga solganim va iqtidorimdan nechog'li foydalanganimni bilmayman. Har doim avvaliga «A» variantini tanlagan va keyinchalik aslida «B» yaxshiroq bo'lganini o'ylaganman. Lekin yana bir tomoni borki, «Tottenxem»da menga nisbatan juda yaxshi munosabatda bo'lishdi. Shunday yondashuv ta'sirida hattoki, atigi ikkinchi darvozabon ekanligim haqida ko'pam bosh qotirganim yo'q».

Vorm endi qadrdon uyida yashamoqda. Uning xonadoni Utrext shahri tevaragidagi so'lim go'shada. Bu qishloqchada atigi 6 mingga yaqin aholisi bor. Sobiq kiper hozir u erda asli otasiga qarashli shaxsiy sartaroshxona ishlarini yurgizmoqda. E'tiborli tomoni, endilikda ushbu kichik salon mijozlari manikyur va turli xizmatlardan foydalanish barobarida miriqib futbol tomosha qilish imkoniyatiga egalar. «Yo'q, birovning sochini o'zim olmayman. Mijozlarga bevosita xizmat ham ko'rsatolmayman. Ammo bolaligimda aynan shu sartaroshxonada otamga yordam berardim. To'g'ri, o'shanda asosan xonani tozalab chiqardim. Qarang, aylanib-aylanib, yana shu erga kelib qoldim. Hayotim charxpalagi bir bora aylandi...», - deydi Mishel Vorm.

A. AHMEDOV  tayyorladi

Manba: stadion.uz

Yangiliklarni Telegramda o'qing!
BILDIRILGAN FIKRLAR

Фойдаланувчи қоидалари
E-mail: maydon.net@gmail.com
© Maydon.net— «Спорт янгиликлари»