![]() |
“Andijon” – “Buxoro” (0:0) uchrashuvidan keyingi matbuot anjumanida mehmonlar bosh murabbiyi Hakim Fuzaylov ishtirok etdi.
- Hakim Qayumovich, bahs haqida fikrlaringiz qanday?
- Nima ham derdim, avval ta'kidlaganimdek, pro liga murakkab liga bo'lib bormoqda. Barcha jamoalar oxirigacha kurashmoqda. O'tgan turda o'z maydonimizda “G'ijduvon” bilan durang o'ynaganimiz ham har bir jamoa yaxshi tayyorgarlik ko'rayotganligidan dalolat beradi. Bugungi o'yin haqida nima deyishim mumkin? Ikki jamoadan ham hujumkor o'yin ko'rdik. “Andijon”ning kuchli tomonlarini o'rganib chiqqandik. Menimcha, natija o'yinga mos bo'ldi. “Andijon”ning standart vaziyatlardan foydalanishini o'yinchilarimiz yaxshi bilardi. Shunga monand ravishda tayyorgarlik ko'rdik. O'ylaymanki, hali asosiy o'yinlar oldinda. Ko'rinib turibdiki, o'tgan yili Superligadan tushib ketgan 3 ta jamoa yana qaytish uchun astoydil kurashyapti. Bu borada bizni ham chiqish niyatimiz bor. Barchasini keyingi bosqichda ko'ramiz.
- Natija siz uchun qoniqarlimi?
- To'liq qoniqmadim. Umuman aytganda, bu bizning ketma-ket beshinchi duranggimiz. Agar bugungi o'yinga kelsak, o'z oldiga Superligaga chiqish maqsadini qo'ygan jamoa bilan o'ynadik. Bugun yaxshi futbol ko'rsatayotgan jamoaga qarshi o'ynadik. Ular o'z uyida asosan g'alaba qozonib kelayotgandi. Durang natija bilan qaytayotganimizdan xursandman. Hali hammasi oldinda.
- “Andijon” oxirgi uchta uchrashuvda oxirgi daqiqalarda gol urib g'alaba qozonayotgandi. Siz bu jihatni o'rganganmidingiz?
- Albatta, biz bu holatni ko'rib, shunga yarasha o'rganib tayyorgarlik ko'rgandik. Men Viktor Kumikovni qanday mutaxassis ekanligini yaxshi bilaman. Kuchli, yaxshi jamoani shakllantirayotganini kuzatyapman. Standartlar, burchak zarbalari va autlardan qanday foydalanayotganini o'rganib chiqdik. “Andijon”ning jismoniy jihatdan ancha yaxshi ekanligini ham bilardik.
- O'tgan safar “Buxoro” autsayder bilan durang o'ynadi. O'shanda jamoaga nima etishmadi?
- Foydalana olmagan imkoniyatlar bizga etishmadi. Futbolchilarga ko'rsatib berdim, biz 14 ta golli vaziyatni yaratgandik. Har safar to'p ustunga tegdi, yonidan o'tib ketdi. Hatto, penaltini ham golga aylantira olmadik. Ozgina qolgandi, ammo biz gol urolmadik.
- Bugun Shavkat Salomov qizil kartochka sababli maydonga tusha olmadi. Uning yo'qligi jamoangizga bilindimi?
- Yo'q, o'rni bilinmadi. Agar o'z o'yinimizni ko'rsatib, jamoaviy o'yinni tashkil qilsak, raqibga etarlicha qarshilik ko'rsatishimizni futbolchilarga aytgandim. Shavkat o'ynaganida yomon bo'lmasdi. Axir u jamoaning etakchisi-ku! Salomov xarakter ko'rsata oladi va katta tajribaga ega bo'lgan o'yinchi. Jismoniy holati ham yaxshi edi. Umuman aytganda, jamoa yomon o'yin ko'rsatmadi. Bugungi uchrashuvda to'pni ko'proq nazorat qildik. Shu bois mazkur natijaga erishdik.
Manba: stadion.uz
Фойдаланувчи қоидалари
Reklama bo'yicha murojaat
© Maydon.net— «Спорт янгиликлари»