Assalom-u alaykum, Mehmon! Soat: 19:57
KirishRo'yxatdan o'tish
Germaniya: Lyovning so'nggi turniri
  10 Iyun, 19:30  9

.

2017 yili bo'lib o'tgan Konfederatsiyalar kubogida Germaniya terma jamoasining ikkinchi tarkibi bilan asosiy sovrinni qo'lga kiritishi ko'pchilikda «bundestim»ning zaxirasi juda katta degan taasurotni uyg'otgan edi. Ammo yakunda Yoahim Lyov shogirdlari mudialning guruh bosqichida Shvetsiya, Meksika, Janubiy Koreyadan ham keyingi o'rinni band qilishdi. Bu ham etmaganidek Evropa Millatlar ligasida ham jamoaning ishlari yurishmadi va nemislar u erda ham so'nggi o'rinda qolib ketishdi. Millatlar ligasining ikkinchi mavsumida esa jamoa ikkinchi o'rinni egalladi. Ammo Lyov shogirdlari asosiy raqib Ispaniyadan 6:0 hisobidagi o'ta alamli mag'lubiyatni qabul qilib olgani ko'proq muhokamaga sabab bo'ldi.

Lyovning haddan ziyod tajribalarga berilib ketishi, asosan yoshlarga imkoniyat taqdim etishi va tajribali futbolchilarni erta hisobdan chiqarishi termaning natijalariga salbiy ta'sir o'tkazib jamoa salobatini biroz yo'qotib qo'ydi. Bir so'z bilan aytganda nemislar uchun so'nggi turnirlar unchalik ham muvaffaqiyatli kelmadi. Biroq bu nemislarni hisobdan chiqarish kerak degani emas. Har qalay Germaniya mazkur turnirning eng omadli jamoasi hisoblanadi.

«Bundestim» Evropa chempionati sarlashini ancha ishonchli tarzda bosib o'tdi. Sakkiz o'yindan ettitasida g'alaba. Yagona mag'lubiyat niderlandiyaliklardan qabul qilib olindi. Nemislar umumiy hisobda 28ta gol urib o'z darvozalaridan 3ta to'p olib chiqishdi. Eng yaxshi to'purar Serj Gnabri bo'ldi. «Bavariya» futbolchisi 8ta golni o'z hisobiga yozdirib qo'ydi.

Evro uchun tanlangan futbolchilarga nazar solsak. Lyov uchun bu Germaniya murabbiyligidagi so'nggi turnir bo'lgani sababli u o'zi ishongan futbolchilarni tarkibga jalb qildi. Azaldan Lyov jamoasining qolgan terma jamoalardan ustun tomonlaridan biri bu bir tekis tuzilgan, kuchli tarkib bo'lar edi. Evro arafasida yana shunday tarkib jam bo'ldi desak mubolag'a bo'lmaydi. Veteranlardan Noer, Myuller, Kroos va Xummels, Chempionlar ligasi g'oliblari Verner, Xaverts va Ryudiger ham ajoyib kayfiyatda terma jamoaga etib kelishdi. Final ishtirokchisi Gyundogan, o'tgan mavsumning eng sermahsul himoyachisi Gozens ham tarkibda. Xullas eng saralar Evroda ishtirok etishadi.

Ko'pchilik manbalar Frantsiyani asosiy favorit deb bilishayotgan bo'lsa, ikkinchi pog'ona aynan nemislarga berilayotgani bejis emas. Lyov Flikka chempion jamoani qoldirib ketishni istashi aniq.

Hasan Turdialiev

Manba: stadion.uz

Yangiliklarni Telegramda o'qing!
BILDIRILGAN FIKRLAR

Фойдаланувчи қоидалари
E-mail: maydon.net@gmail.com
© Maydon.net— «Спорт янгиликлари»