12.07.2019, 21:30

Yaponiya elchixonasi vakillari MOQda mehmon bo'lishdi

Xabaringiz bor, roppa-rosa 1 yildan so'ng Yaponiya poytaxti Tokio shahrida XXXII yozgi Olimpiya o'yinlari start oladi. Ayni paytda mazkur musobaqaga har tomonlama qizg'in hozirlik ko'rilmoqda. Bugun Milliy olimpiya qo'mitasiga Olimpiadaga hamkorlikda tayyorgarlik ko'rish masalalari bo'yicha Yaponiyaning O'zbekistondagi elchixonasi mutasaddilari tashrif buyurishdi. Mehmonlarni MOQ prezidenti Rustam Shoabdurahmonov kutib oldi.

Tashrif davomida Yaponiyaning O'zbekistondagi favqulodda va muxtor elchisining o'rinbosari Suda Atsushi yo'lga qo'yilishi kutilayotgan loyihalar haqida gapirib berdi.

“Yurtingizda kuni kecha nishonlangan “Olimpiya kuni”ni ko'rib lol qoldim. Tadbir juda ham yuqori saviyada tashkillashtirildi. Darhaqiqat, Tokioda Olimpiadaga juda katta tayyorgarlik ketyapti va qiziqish ham shunga yarasha yuqori. Oddiy misol, o'tgan hafta Olimpiada ochilish marosimi uchun sotuvga chiqarilgan chiptalar bir necha soatlar ichida harid qilib bo'lindi. Yaqinda Tokio Olimpiadasi tashkiliy qo'mitasining vitse-prezidenti Toshiaki Endo O'zbekistonga tashrif buyurib, Milliy olimpiya qo'mitasi faoliyati, o'zbekistonlik sportchilarning Olimpiadaga tayyorgarligini ko'zdan kechirgan edi. Janob Endoning tashrifi davomida nihoyasiga etmay qolgan muzokaralar bor. O'ylaymanki, qolgan ishlarni yaqin orada hal qilamiz. O'zaro hamkorlik yo'lida biz dzyudo, karate, voleybol kabi sport turlari bo'yicha yaponiyalik mutaxassislarni O'zbekistonga jo'natishga tayyormiz”, – dedi Suda Atsushi.

O'z navbatida Rustam Shoabdurahmonov ham bunday keng qamrovli hamkorlik borasida o'z fikrlarini bildirib o'tdi.

Bunday ajoyib hamkorlik taklifi uchun katta rahmat sizga. Taklifingiz mamlakatlarimiz o'rtasidagi munosabatlar va sportimizning kelajakdagi rivoji uchun juda muhim. Albatta, sizning yordamingiz va qo'llab-quvvatlashingiz ham maqsad sari etishishda as qotadi. Ushbu loyiha bo'yicha Yaponiya elchixonasi va MOQ o'rtasida ishchi guruh tashkil qilsak-da, imkon qadar tezroq faoliyatni boshlasak. Haqiqatdan ham yapon milliy sport turlari sanalgan dzyudo va karate buyuk tarixga ega. Bizning bu borada o'rganadigan jihatlarimiz ko'p. Ishlab chiqadigan dasturimizda o'quv-mashg'ulot yig'inlarini tashkil qilish, etakchi murabbiy va sportchilar, shuningdek, sport tibbiyoti hamda farmakologiya yo'nalishlari bo'yicha mutaxassislarimizning o'zaro tajriba almashishi ham maqsadga muvofiq. Qilinishi kerak bo'lgan shu kabi ishlarimizni yaxshi yo'lga qo'yib olsak, ko'zlangan natijaga erishishimiz oson bo'ladi”, – dedi Rustam Shoabdurahmonov.

Uchrashuv mobaynida tomonlar Tokio Olimpiadasiga tayryorgarlik bosqichlari, o'zaro istiqbolli loyihalar va boshqa qator masalalar bo'yicha muzokara olib borishdi.

Mavzu bo'yicha:

MOQ ishlab chiqqan Tokio-2020 “yo'l xaritasi” dasturining namoyishi o'tkazildi

Xalqaro sambo federatsiyasi ijroqo'm direktori MOQga tashrif buyurdi

Tokio-2020 Olimpiadasi tashkiliy qo'mitasining vitse-prezidenti Toshkentga keldi

Tokioda o'zbek sportining zafarli onlari va mamlakatimizning turistik salohiyati bo'yicha taqdimot o'tkazildi

Olimpiada-2020 yo'lida: Tokioda muhim uchrashuv tashkil qilindi