Assalom-u alaykum, Mehmon! Soat: 10:43
KirishRo'yxatdan o'tish
Namangan viloyati IIB «Navbahor» — «Paxtakor» uchrashuvidan keyingi tartibsizliklar yuzasidan rasmiy bayonot berdi
  8 Aprel, 17:30  8

.

Namangan viloyati ichki ishlar boshqarmasi Superliga 5-turi doirasida 7 aprel kuni bo'lib o'tgan «Navbahor» — «Paxtakor» uchrashuvidan (1:2) keyingi tartibsizliklar yuzasidan rasmiy bayonot berdi.

Namangan viloyati IIB axborot xizmatining ma'lum qilishicha, hakamlar, «Paxtakor» o'yinchilari va mehmonlar fan-klubining 35 nafar a'zosi nazorat ostida Namangan shahridan kuzatib qo'yilgan.

«O'yin yakunlangach, e'tiroz bildirayotgan tomoshabinlarga tushuntirish va targ'ibot ishlari olib borilib, tarqatish choralari ko'rildi.

Hakam, mehmon o'yinchilar va «Paxtakor» fan-klubining 35 nafar a'zosi nazorat ostida Namangan shahridan kuzatib qo'yildi.

Mazkur uchrashuv davomida jamoat tartibi to'liq saqlanib, fuqarolar orasida hech qanday talafot yoki tan jarohat olish holatlariga yo'l qo'yilmadi.

Tomoshabinlar orasida faol e'tiroz bildirib, boshqalarga ta'sir o'tkazmoqchi bo'lgan 2 nafar futbol ishqibozi ajratib olindi va Davlatobod tuman IIBga olib kelinib, shaxsiga aniqlik kiritildi hamda tushuntirish ishlari olib borildi.

Xizmat mobaynida jamoat tartibini saqlashga jalb qilingan huquqni muhofaza qiluvchi barcha idoralar shaxsiy tarkibi orasida hech qanday tan jarohat olish holatlariga yo'l qo'yilmadi», — deyiladi bayonotda.

Ma'lumot uchun, o'yin yakunlanib borayotgan bir vaqtda uchrashuv bosh hakami Firdavs Norsafarov videotakrorlardan keyin «Navbahor» darvozasi tomon penalti belgiladi. 11 metrlik jarima zarbasini Dragan Cheran golga aylantirdi va bu orqali «Paxtakor»ning g'alabasini ta'minladi. Hakamning bu qarori stadionga yig'ilgan namanganlik muxlislarni junbishga keltirdi.

Tomoshabinlar o'yin yakunlangach hakam va «Paxtakor» futbolchilar tomon turli buyumlarni uloqtirdi. Bundan tashqari stadion atrofida minglab ishqibozlar to'planib, o'z noroziligini namoyish qildi.

Manba: stadion.uz

Yangiliklarni Telegramda o'qing!
BILDIRILGAN FIKRLAR

Фойдаланувчи қоидалари
E-mail: maydon.net@gmail.com
© Maydon.net— «Спорт янгиликлари»