Assalom-u alaykum, Mehmon! Soat: 12:33
KirishRo'yxatdan o'tish
Angliya chempionatidagi eng ko'p maosh oladigan murabbiy haqida bilasizmi?
  8 Aprel, 12:20  27

.

Angliya Premer ligasidagi klublardan biriga murabbiy bo'lib ishlashni dunyodagi ko'pchilik mutaxasis istashsa kerak. APL tarixiga nazar tashlasangiz, ushbu chempionatda juda kuchli va futbol tarixida o'z nomini qoldira olgan mutaxsislar ishlaganligiga guvoh bo'lasiz. Ser Aleks Ferguson, Arsen Venger kabi murabbiylar shular jumlasidandir. Hozirgi kunda esa Pep Gvardiola, Joze Mourino va Yurgen Klopp Premer liganing ayni damdagi - yulduz murabbiylari. Hozir esa biz sizlarga mazkur chempionatdagi jamoalarning ustozlari qancha maosh olishi haqida suhbat quramiz. Shunday qilib, hozirda Premer ligada ishlayotgan 20 nafar yigirma mutaxasis orasidan eng ko'p pul topayotgan top-7 nafari haqida gaplashamiz. 

 

7. Ole-Gunnar SUL'ShER - yiliga 7,5 million funt


Yoshi: 47 yoshda
Fuqaroligi: Norvegiya
Klub: "Manchester Yunayted"

Aleks Fergyuson qo'l ostida yuqori natijalarga erishgan "Manchester Yunayted"ni ayni paytda norvegiyalik mutaxasis Sulsher boshqarib kelmoqda. Portugaliyalik murabbiy Joze Mourino omadsizlikka uchragandan so'ng, klub rahbariyati "qizil iblislar"ning sobiq futbolchisiga ishonch bildirishdi. Dastlab, norvegiyalik bilan shartnoma, shunchaki mavsumni yakunlab qo'yish uchun tuzilgan edi. Ammo, yakunda Ole-Gunnar bilan o'rtadagi hamkorlikni yanada uzaytirishdi.

Sulsherning "Manchester Yunayted"dagi hozirgi maoshi yiliga 7,5 million funtni tashkil qiladi. Ammo, shuni ham ta'kidlab o'tish kerakk, norvegiyalik mutaxasis ushbu jamoa bilan erishgan yutuqlari bilan maqtana olmaydi. "Qizil iblislar" Ole Gunnar boshchiligida hech qanday sovrin yutishmagan. Bundan tashqari, klub ma'muriyati mutaxasis bilan o'rtadagi bitimni yana uzaytirish haqidagi xabarlar chiqmoqda.

6. Marselo B'ELSA - yiliga 8 million funt


Yoshi: 65 yoshda
Fuqaroligi: Argentina
Klub: "Lids"

O'tgan mavsumda "Lids" ancha yillik tanaffusdan so'ng, yana Premer ligaga qaytdi. Bunda albatta murabbiy Belsaning xizmatlari katta. Bundan tashqari, "oqlar"ni APLda yaxshi o'yin ko'rsatishida ham Marseloning effektidir.
Darhaqiqat, hozirgi "Lids" butunlay Belsaning jamoasi. Futbol olamida o'ziga yarasha obro'ga ega bo'lgan argentinalik mutaxasis jamoasini kuchli tomonlarini ko'rsatishga yordam berdi. Garchi, ichki chempionatda "Lids" yangi bo'lsa-da, klub murabbiyiga maosh to'lash bo'yicha kuchli 7likdan joy olgan. Hozirda Belsaning yillik daromadi 8 million funtni tashkil qiladi. Albatta, Premer ligada yangi kelgan jamoa murabbiyiga "Manchester Yunayted" ustozidan ko'proq pul to'lashi ajablanarli holat. Lekin, shuni ham aytib o'tishimiz kerakki, Marselo Belsa Sulsherga qaraganda, tajribali va ancha etuk murabbiy hisoblanadi. Shuning uchun ham, bu holatni normal qabul qilish kerak.

5. Brendan ROJERS - yiliga 10 million funt


Yoshi: 47 yoshda
Fuqaroligi: Shimoliy Irlandiya
Klub: "Lester"

"Suonsi" va "Liverpul"dagi faoliyati orqali APLda nom qozongan Rojers o'tgan yilning fevral oyida "Lester" murabbiyligini qabul qilib oldi. Shimoliy irlandiyalik mutaxasis "tulkilar" ruliga kelishi oson kechmagan, chunki o'sha paytda Brendanning "Seltik" bilan hali shartnomasi bor edi va Shotlandiyada ushbu jamoa bilan yaxshi natijalar qayd etib, kuboklarni birin-ketin yutayotgan edi. Ammo, Premer ligadagi raqobat darajasi, tarkibdagi kuchliroq futbolchilar va Evropa musobaqalarida o'ynash hayoli, ehtimol Rojersga va'da qilingan 10 million funt murabbiyning "Lester"ga o'tishiga turtki bo'lgandir.
O'tgan mavsumda "Lester" Chempionlar Ligasiga qatnashish uchun oxirigacha kurashdi, ammo "tulkilar" maqsadlariga erisha olmadi. Ammo, bu yil "Lester" kuchli to'rtlikka kirish uchun asosiy da'vogarlardan biri hisoblanadi.


4. Karlo ANChELOTTI - yiliga 11,5 million funt


Yoshi: 61
Fuqaroligi: Italiya
Klub: "Everton"

1999 yildan buyon, faqat top-klublar bilan ishlashga o'rgangan Anchelotti 2019 yilning dekabr oyida, o'rtamiyona "Everton" boshqaruviga keldi. Ushbu holat ko'pchilik mutaxasis va muxlislarni biroz ajablantirdi. Chunki, faqat yulduz futbolchilar bilan ishlashga o'rgangan Karlo otani "irislar" murabbiyligiga kelishi kutilmagan holat edi. Ammo o'tgan yilgi mavsumdan tashqari, "Everton" haqiqatan ham Anchelotti faoliyatiga mos kelishini ko'rsatdi. Jamoa bilan etakchi klublarga, etarlicha qarshilik ko'rsatib kelishmoqda. Joriy mavsum boshida, Anchelotti shogirdlari APLda haqiqatdan ham, ajoyib o'yinlar ko'rsatishdi. Ammo, oradan biroz vaqt o'tgandan so'ng, klubning natijalari tushib ketdi. Lekin, hali ham "Everton"da Chempionlar Ligasida qatnashish uchun etarlicha imoniyat bor.
Shunday qilib, Karloning eng ustuvor vazifasi "Liverpul", "Chelsi" kabi jamoalarga qarshilik ko'rsatib, keyingi yil Evropa maydonlarida to'p surish. Agar shunday bo'ladigan bo'lsa, klub har yili italiyalikka to'laydigan 11,5 million funt puli behuda ketmayotgan bo'ladi.

3. Yurgen KLOPP - yiliga 15 million funt


Yoshi: 53
Fuqaroligi: Germaniya
Klub: "Liverpul"

2015 yilning kuzida "Liverpul"ni qabul qilib olgan Yurgen Klopp, allaqachon barcha "qizillar" muxlislari uchun ideal murabbiyga aylanib ulgurdi. Ushbu mutaxassis o'z jamoasini 2018/19 Chempionlar Ligasida g'alaba qozonishdan tashqari, o'tgan mavsumda o'ttiz yildan beri qo'lga kirita olmayotgan Angliya chempionligiga ega chiqishdi! Qolaversa, ushbu chempionlikka erishish uchun, eng katta ta'qibchisi "Manchester Siti"ni naq 18 ochkoga ortda qoldirishdi.
Ammo, "Liverpul" jamoasi buning uchun Kloppga yaxshigaina pul ham to'lashadi. Xabarlarga ko'ra, nemis murabbiyi yiliga 15 million funt ishlab topadi. Lekin, shuni ham ta'kidlab o'tish kerakki, Yurgen ushbu pulni, har tomonlama qoplab bera oladi. Sababi, mutaxasis saviyasi biroz pastroq bo'lgan futbolchilar bilan ham qanday ishlash kerakligini biladi va kerakli natijaga erisha oladi. Shuning uchun ham o'tgan yili, Klopp va "Liverpul" o'rtasidagi bitim 2024 yilgacha uzaytirildi.

2. Joze Mourino - yiliga 15 million funt


Yoshi: 57 yoshda
Fuqaroligi: Portugaliya
Klub: "Tottenxem"

Joze "Manchester Yunayted"ni tark etganidan so'ng, deyarli bir yil davomida murabbiylik karerasini to'xtatishga majbur bo'ldi. Ammo, Mourino tezda faoliyatini davom ettirdi. Angliyada "Chelsi" va "Manchester Yunayted"da ishlagan mutaxasisi, bu safar Londonning boshqa jamoasi "Tottenxem" boshqaruviga keldi. Garchi, Mourino boshchiligida "shporlar" o'tgan mavsumda Chempionlar Ligasi zonasiga kira olmagan bo'lsa-da, Evropa Ligasi yo'llanmasiga ega chiqishgan edi. Joriy mavsum boshini ham London klubi ajoyib boshlashgan edi, ammo keyinchalik ularning natijasi tushib ketdi. Qolaversa, Evropa Ligasidan ham sharmandalarcha tark etishdi. Ammo, londonliklar hozirgacha portugaliyalik mutaxasis bilan biror narsaga erishmagan bo'lsa-da, Jozega yiliga 15 million funt mablag' to'lashni kanda qilmayapti. Ehtimol, keyingi mavsumdan e'tiboran "shporlar" "specialone" bilan o'rtadagi shartnomani bekor qilar. Ammo, bularning hammasi Liga kubogi doirasidagi "Manchester Siti"ga qarshi final uchrashuvidan keyin hal bo'ladi.


1. Xosep GVARDIOLA - yiliga 22 million funt


Yoshi: 49 yoshda
Fuqaroligi: Ispaniya
Klub: "Manchester Siti"

Zamonamizning eng yorqin va yuqori darajadagi murabbiylaridan biri hisoblanadigan Xosep Gvardiola reytingimizning birinchi o'rinidan joy oldi. Ispaniyalik mutaxasis "Manchester Siti"da to'rt mavsumdan ko'proq vaqtdan beri ishlamoqda. Shu vaqt ichida Pep "shaharliklar"ni ikki marta Angliya chempioni sovriniga ega chiqishiga yordam berdi. Ushbu mavsumda ham buni amalga oshirishiga ozgina qolmoqda. Ammo, Gvardiola hali "Barselona" bilan ikki marta g'alaba qozonishga muvaffaq bo'lgan Chempionlar Ligasi kubogini, "shaharliklar" bilan qo'lga kirita olmayapti. Murabbiy va klub o'rtasidagi shartnoma 2023 yilgacha amal qiladi. Agar, ushbu mavsumda ham "shalpangquloq" kubokni qo'lga kirita olmasa, bu bitim yangilanmasligi mumkin.
Shartnoma shartlari matbuotda e'lon qilinmagan, ammo manbalarning ta'kidlashicha, Pepning maoshi hozirgi paytdagi qiyin vaziyatlarga qaramay, yiliga 20dan 22 million funtga ko'tarilgan. Ushbu narx hozircha APLdagi eng katta maosh hisoblanib keladi.

 

Jamshidjon Mahmudov tayyorladi.

Manba: stadion.uz

Yangiliklarni Telegramda o'qing!
BILDIRILGAN FIKRLAR

Фойдаланувчи қоидалари
E-mail: maydon.net@gmail.com
© Maydon.net— «Спорт янгиликлари»