12.07.2019, 08:30

Xurshid Tojiboev: “Bu yilgi bahslar shiddatli kechmoqda”

Superliga klublari qoshida futzal jamoalari ham faoliyat yuritadi. Ayni paytgacha futzal bo'yicha XXIII O'zbekiston chempionatida birinchi bosqichning 6ta tur bahslari bo'lib o'tdi va jamoalar avgustga qadar tanaffusga chiqishdi. “Navbahor” futzal jamoasi birinchi bosqichni 6-o'rinda yakunladi.

Namanganliklar o'tkazilgan 16ta o'yinning 7 tasida g'alaba qozonib, 2ta bahsda durangga imzo chekishdi va 7ta uchrashuvda mag'lubiyatga uchrashdi. Futzal jamoamizning to'plar nisbati: 52:64ni, ochkosi esa 23 tani tashkil etmoqda.

Biz - “Navbahor” futzal jamoasi bosh murabbiyi Xurshid Tojiboev bilan futzalchilarimizning joriy mavsumdagi ishtiroki borasida klubimizning rasmiy veb-sayti uchun maxsus suhbat uyushtirdik.

- Futzal bo'yicha O'zbekiston XXIII chempionatining birinchi bosqich bahslari o'z yakuniga etdi. Futzal jamoamizning joriy mavsumdagi ishtiroki xususida nima deya olasiz?

- Futzal bo'yicha mamlakat chempionati o'tgan yilgidan farqli o'laroq, bu yil hududiy tarzda o'tkazilmoqda. Har bir turdan 3 yoki 4 tadan o'yinlar o'rin olgan. Tur o'yinlari Toshkentdagi “O'zbekiston” sport majmuasi hamda Jizzaxdagi “So'g'diyona” sport majmuasida o'tkazildi. Albatta, uchrashuvlarning hududiy tarzda o'tkazilishi futzal jamoalari uchun moliyaviy tarafdan ancha qulay bo'ldi.

Shuningdek, bahslar ham o'tgan yilga qaraganda, ancha keskin kurashlar ostida va shiddatli tarzda kechmoqda.

Ta'kidlash joizki, joriy mavsum arafasida amalga oshirilgan selektsiya ishlari, o'z samarasini bermoqda. “Navbahor” tajriba va yoshlik shijoatini uyg'unlashtirgan holda, o'yin namoyish etyapti.

Birinchi bosqich bahslarini 6-o'rinda yakunlaganimizni har holda, ijobiy natija deb bilaman.
- Ortda qolgan o'yinlardan qaysinisi sizda ijobiy taassurot qoldirdi?

- Ta'kidlaganimdek, joriy mavsum bahslari ancha shiddatli kechmoqda. Albatta,
2-3ta etakchilar, jumladan, AGMK, “Paxtakor” va “Lokomotiv”ni hisobga olmasa, qolgan jamoalarning kuchi deyarli teng. Jumladan, shogirdlarim “So'g'diyona” (2:1), “Dinamo” (4:3), “Bunyodkor” (5:3, 3:2), “Metallurg” (5:2), “Buxoro” (5:1) hamda “Neftchi” (8:3) jamoalariga qarshi kechgan bahslarda ajoyib o'yin namoyish etib, o'sha bahslarda g'alaba qozonishga muvaffaq bo'lishdi. Ayni paytda turnir jadvalida 4-o'rinni egallab turgan “Nasaf” bilan jangovar 3:3 hisobidagi durangga erishishdi. Mazkur bahslar menda yaxshi taassurot qoldirdi.

O'z navbatida aytish joizki, aynan ajoyib o'yinlari evaziga jamoamizning 3 nafar futzalchisi – himoyachi Isoxon Ibragimov, hujumchilar Husanxon G'aniev hamda Ahmadxon Mamadaliev Bahodir Ahmedov murabbiylik qilayotgan, futzal bo'yicha Osiyo chempionati – 2020 saralash bahslariga tayyorgarlik ko'rayotgan O'zbekiston futzal terma jamoasi yig'iniga chaqirilishdi va ayni paytda yig'inda ishtirok etishmoqda.

Albatta, futzal jamoamizning ushbu muvaffaqiyati, shu jumladan, 3 nafar shogirdimning O'zbekiston futzal jamoasiga jalb etilishida jamoamizga qulay shart-sharoitlarni yaratib berayotgan Namangan viloyati hokimi, viloyat futbol assotsiatsiyasi prezidenti Xayrullo Hayitbaevich Bozarov, Namangan shahar hokimi, “Navbahor” PFK prezidenti Shavkat Shokirjanovich Abdurazzoqov, “Navbahor” PFK rahbariyati, jumladan, klub vitse-prezidenti Baxtiyor Isakdjanovich Usmanovlarning munosib hissalari bor. Buning uchun ularga o'z minnatdorchiligimni bildiraman. Biz ularning ishonchlarini oqlab, joriy mavsumda kuchli beshlikdan joy olish uchun kurash olib boramiz.

“Navbahor” PFK matbuot xizmati.

Mavzu bo'yicha:

Futzal bo'yicha O'zbekiston XXIII milliy chempionatining 2-tur o'yinlari taqvimi

Futzal: «Bunyodkor» yangi mavsumni g'alaba bilan boshladi

Ertaga futzal bo'yicha 2019 yilgi O'zbekiston chempionatiga qur'a tashlanadi

Futzal. Bugun «Sug'diyona» «Metallurg»ga qarshi o'ynaydi

Futzal. «Sug'diyona» o'z maydonida «Metallurg»ni qabul qiladi