14.01.2020, 08:10

Xayrulla Hamidov maqolasi: «O'sha yo'l...»

Bir filmda ko'rgandim. Rim askarlari uyga qaytishayotganda adashib qolishadi va oxiri tanish yo'lni topib olishadi. Ichida birovi boyagi yo'l qulayroqqa o'xsharkan, o'sha yo'ldan borib ko'rmaymizmi, desa, sardor aytadi: "Boshqa yo'lning oxirini bilmaymiz. O'lsak ham biladigan yo'limizda o'lamiz!"

"Barselona" 17 yilda ilk bora mavsum o'rtasida murabbiy almashtiryapti. Bunaqasi bo'lmagan. Majburligi aniq. Chunki sal avval rahbariyat Valverde bilan yil tugaguncha ishlash niyatidaligini ta'kidlagandi.

Ikkinchi tomondan, juda-a olib tashlash niyati bor esa-da, bunaqa payti Ernesto o'rniga top-murabbiy topishning imkoni yo'q edi. Pochettino yo'q deyishi oldindan ma'lum, Kuman Evro-2020dan so'ng kelishini aytgan, hatto murabbiylik borasida nom qozonmagan Xavi ham rozi bo'lmadi.

Kike Setien yuqoridagi nomzodlardan keyingi o'rinda edi. Ha, ha, u "Betis" bilan total o'yin namoyish etgan, "Kamp nou"da "Barsa"ni oxirgi bor mag'lub etgan mutaxassis hisoblansa-da, ishoning, yuqoridagi variantlardan birortasi xo'p deganida, unga qarabam o'tirishmasdi.

Hozir kataloniyaliklarga yangi murabbiy nomidan ko'ra Valverdening ketgani xush yoqib turibdi. Setienning "tiki-takasi" haqidagi gaplarni ertaga o'qishadi.  

Setien Messini ko'p alqaganini ham bilib olishadi. Haa, demak unga qiyin bo'lmaydi, deb qo'yishadi hali.

Aslida muammo ancha yuqoriroqdan oqib kelmoqda.

Gvardioladan keyingi murabbiylar to'laqonli birinchi raqamli shaxs bo'la olishmagani bugun sir emas. Vilanova ilk zarbani ko'tara olmadi. Luis Enrike Pepdan keyingi rosmana jiddiy kunlarni boshdan kechirdi. U Neymarning jamoaga qo'shilish va qo'rqinchli hujum triosining sovringa o'ch davriga kelib qoldi. Baxti shu. Keyin baribir murabbiylik imzosi borasida aniq taassurot qoldirmadi.

Valverde Enrikedan-da og'irroq vaziyatda qabul qilib oldi klubni. Neymar ketgan, himoya chizig'i parokanda, darvozabon muammosi mavjud davr. Superkubokdagi klasikoda asosiy raqibdan qaqshatqich zarba. Jamoani o'nglay oldi u. Shuning hisobiga ikki mavsumida chempionatni "Real"ga bermadi. Ammo uning-da bazasi "Barselona"ni muhimroq turnirda qutqarib qolishga etmadi.

Endi Setien... Santanderlik mutaxassis oltmishdan oshganiga qaramay, birorta top-klubda ishlamagan holida dunyoning eng sovrinparast klubiga Valverdedan ham og'irroq paytda kelyapti. Mavsumning o'rtasida. Jamoada muammolar ko'p, chempionatni yutsang ham maqtashmaydi, EChL kubogi bilangina rozi bo'lishi mumkin muxlislar qarshisida u.

E'tibor bering, murabbiylar borgan sari jamoani og'irlashayotgan holida qabul qilishyapti.

Nega bunday qismat, bilasizmi? Jamoa ideallikni ko'rsatib bergan. Murabbiy, futbolchilar, yulduzlar — bari-barisi "eng gullagan yoshlik chog'ida" bir-birini topishgan. Bugun ularning birisi boshqa qutbda, tiki-takani cho'qqiga olib chiqqanlarning aksari yo'q,  faqat xaloskor Messi qolgan (Buskets ham o'yindan chiqdi, hisobi).

Va shuning uchun ham ko'pchilik tanimaydigan Setien aynan "tiki-taka jinnisi" ekanligi ko'p yozilyapti. Uslubga qaytish orqaligina jamoa nurli davrlariga qaytishiga ishonmoqda. Pepning o'zi kelishi foydasiz, uning uslubida rohatlanib ishlaydigan murabbiy kelayotgani quvonarli hol, deyishyapti. Bu davrga oxirgi magekanning yoshi o'ttiz uchga qarab ketayotganda qaytilmasa, keyin kech bo'ladi, deb hisoblashyapti.

Balki to'g'ridir shu qaror. Zotan boshqa yo'lni bilmagandan keyin bilgan yo'lidan ketgani ma'qul-da... Nima bo'lsa ham!!!

Ba'zan qat'iyatda turib jon bermoq og'rinib yashagandan sharafliroq...

Xayrulla HAMIDOV.



Manba: std.uz

Mavzu bo'yicha:

«Barselona» 17 yil ichida ilk marta mavsum o'rtasida murabbiyni iste'foga chiqardi

Rasman! Valverde ketdi, «Barselona»ga yangi bosh murabbiy tayinlandi

Xayrulla Hamidov maqolasi: «Dam olish kuni»

Ronald Kuman: «Barsa» uchun Gollandiya bilan shartnomani faqat Evro-2020dan keyin bekor qilaman

“Barselona” klubini boshqarishi mumkin bo'lgan nomzodlar aniq