14.01.2020, 08:20

«O'tkir tig'li, uch nayzali O'zbekistondan ehtiyot bo'ling!»

15 yanvar kuni bo'ladigan O'zbekiston U23 - Janubiy Koreya U23 o'yini oldidan Koreys sport nashrlari turli xil maqolalar chop etishyapti. Ahamiyatlisi, koreyslar o'tgan Osiyo chempionati g'olibi sifatida O'zbekiston U23 termasidan hayiqishayotganidir. “Choson Sport” nashri muxbiri Kim Yong Gining never.com saytidagi “Ajoyib tashkil etilgan, o'tkir tig'li, uch nayzali O'zbekistondan ehtiyot bo'ling!” nomli tahliliy maqolasi e'tiborimizni tortdi.

“O'tkir tig'li, uch nayzali - O'zbekiston!”. Koreyalik jurnalist Bobir Abduxoliqov, Jasur Yaxshiboev va Sanjar Qodirqulovni “o'tkir tig'li, uch nayza” deya ta'rifladi. Xususan, “tajovuzkorlar”dan ehtiyot bo'ling, deyiladi maqolada.

“10-raqamdagi Abduxoliqov aniq pozitsiya tanlaydi hamda o'ng va chapni yaxshi ko'ra oladi. 177 sm, 64 kg bo'lgan ushbu futbolchi yaxshigina dribling va tezlikka ega. O'zbekiston termasining dahshatli kuchi, o'ngdagi Yaxshiboevdir. U termaning qasri! Individual mahorati juda kuchli. Chapdagi, bo'y-basti uncha baland bo'lmagan Qodirqulov esa kutilmagan tezlik va driblingga ega. Ushbu uchlikning maydondagi positsiyasini o'zgartira olsakkina, maqsadga erishamiz”.

Maqolada terma jamoa bosh murabbiyi Kim Xak Boumning fikrlari ham keltirilgan. U: “Birinchi yoki ikkinchi o'rin unchalik muhim emas, lekin Siz qirol bo'lsangiz, birinchi o'rinda chiqishingiz kerak. Agar buni uddalasak, keyingi bosqichda “D” guruhidan ikkinchi o'rinda chiqqan jamoa bilan o'ynaymiz va kuchimizni tejaymiz. Buning uchun biz O'zbekiston termasi bilan qat'iy va bor kuchimiz bilan o'ynaymiz”, dedi.

Shuningdek, jurnalist darvozabon Abduvohid Ne'matovning harakatlarini ham tahlil qilgan. “O'zbekistonning Axillesi - bu darvozaboni. Abduvohid jamoaning eng yosh o'yinchisi. U to'pni yaxshi ushlab qoladi. Biroq, ayrim hollarda tajribasi etarli emasligi ko'rinib qolmoqda”.

Rahmiddin Shermatov
Janubiy Koreya, Tegu shahri.
2020 yil 14 yanvar.



Manba: std.uz

Mavzu bo'yicha:

Janubiy Koreya O'zbekistondan cho'chiyaptimi?

O'rtoqlik o'yini. O'zbekiston U23 Janubiy Koreyani mag'lub etdi

O'tkir Yusupovni tabriklaymiz!

O'rtoqlik o'yini. O'zbekiston - J.Koreya (tarkiblar)

«Nasaf» – «Qo'qon-1912» (tarkiblar)