17.05.2019, 22:40

O'FA bayonoti: «Bunyodkor»ning golida offsayd bor edi


Bir necha daqiqa oldin “Lokomotiv” va “Bunyodkor” futbol klublari ishtirokidagi Toshkent derbisi o'z yakuniga etdi. O'yinning so'nggi soniyalarida “Bunyodkor” futbolchilari tomonidan urilgan gol o'yindan tashqari holat deb baholanib, hisobga olinmadi. 

Mazkur holatda uchrashuvni bevosita stadiondan sharhlab borgan telekanal sharhlovchisi to'p uzatilayotgan vaqtda o'yindan tashqari holat yo'q ekanini bir necha bor ta'kidladi. Vaziyat takroran ko'rilganida ham futbol muxlislari gol kiritgan futbolchida o'yindan tashqari holat yo'q deb hisoblashi mumkin. Ammo futbolning zamonaviy qoidalariga ko'ra mazkur vaziyat ofsayd deb hisoblanadi. 

IFAB qoidalarida keltirishicha, ofsayd holatida turgan futbolchi darvozabon harakatlanishi va nazorat qilishi mumkin bo'lgan ko'rish doirasini (obzor) to'sib qo'ygan bo'lsa, garchi shu futbolchi to'pga teginmagan taqdirida ham qanot hakami bayroqchasini ko'tarishga haqli. Demak, bu vaziyatda derbida ishlagan laynsmen to'g'ri qaror qabul qilgan. Ya'ni, to'p “Bunyodkor”ning 3-raqamli futbolchisi Islom Qobilovga tegmagan bo'lsa-da, uning harakatlanish nuqtasi hamda darvozabonning bu vaziyatdagi holatidan kelib chiqib, o'yindan tashqari holatni e'lon qilish mumkin. Qisqa qilib tushuntirganda, mana shu nuqtada Islom Qobilov bo'lmaganida darvozabonning harakati boshqacha bo'lishi, u katta ehtimol bilan oldinga harakat qilishi mumkin edi. Biroq bu erda 3-raqamli futbolchi darvozabonni chalg'ituvchi obrazida namoyon bo'ldi. 

O'zbekiston futbol assotsiatsiyasi Hakamlar qo'mitasi futbol muxlislaridan va ayniqsa futbol jurnalistlaridan fikr berayotganda shoshilmaslikni so'raydi. Hakamlar qo'mitasi bir necha kun avval sport jurnalistlari bilan erkin muloqotga tayyor ekanligini ko'rsatishgandi. Ular, shuningdek, har bir holatni tahlil qilib berish uchun ham mas'uldirlar. Ko'r-ko'rona xato qilayotgan referilarga nisbatan choralar ko'rilayotganini esa hamma ko'rib, bilib turibdi. 

Tashkilot birinchi vitse-prezidenti Umid Ahmadjonov yaqin yillar ichida O'zbekistonga ham VAR tizimi kirib kelishi yo'lida harakatlar borligini ta'kidlagandi. Bu kabi zamonaviy texnika vaziyatni qaytadan ko'rish va shoshilmasdan xulosa chiqarish imkonini berishi mumkin. Ayni vaqtda esa futbol referilari har bir uchrashuvga mas'uliyat bilan yondoshishga harakat qilishyapti.

 

Читайте также:

VIDEO. «Bunyodkor»ning golida offsayd bormidi?

«Lokomotiv» — AGMK o'yini soati hamda stadioni o'zgardi

VAR bor, hakam esa offsaydni qog'oz yordamida aniqladi (foto)

Luis Suares: "Barselona" o'rnimga hujumchi qidiryapti? Bu normal holat"

Superligada qaysi jamoa futbolchilari eng ko'p ofsaydda qolishmoqda?