Assalom-u alaykum, Mehmon! Soat: 22:57
KirishRo'yxatdan o'tish
Eldor, jiyan, jamoang sha'ni — baridan ustun!
  7 Yanvar, 09:05  49

.

Eldor, A Seriyada himoyachilarning mahorati baribir baland–a?!

Darvozabonlarning tayyorgarligi ham kamida dunyoni Top–3 ligida bo'lsa kerak?!

Bo'lmasam, hozirga kelib “o'ldim deganda” 5 ta to'pni avtori bo'larding!

O'zi Italiya azaldan yuqori klassdagi himoyachilaru, darvozabonlar yurti bo'lib kelgan!

Haligi, Amerikaning etnik italyan o'g'loni bo'lgan bokschi Rokki Balboaga o'xshataman italyan futbolini. Ha, aynan o'sha Silvester Stallone yaratgan engilmas “Italyan tulpori” obrazi!

Boshida, raqibga erkin hujum qilishga imkon berib, uni zarbalarini kuchini va xavfli zarbalari qanday ko'rinishda ekanligini bilib oladi. Raqibning ongida o'zini kuchsiz qilib ko'rsatib, bor mahoratini ishlatishga izn beradi.

Olqishlar ostida qolgan raqibini tomoshabinlar uchun chiroyli hujum hunarlarini ko'rsatishga to'liq erkinlik berib, himoyasini bir soniya unutishiga omil yaratadi va aynan shu onda...

Aynan shu onda, Rokki ichida sabr bilan saqlab turgan kuchini, aniq zarbalarini raqibining ochiq yuzlariga, biqiniga pulemyot kabi yog'dirib tashlaydi. Ichidagi hujumkor Devini olovli zarbalarini raqibiga sochib, uni hali vaziyatni to'liq anglay olmagan ongida dovdiratib qo'yadi va yakunda erga qulatadi!

Aynan mana shunday, men bilgan italyan futboli, jiyan!

Ko'ryapmiz, “Jenoa”da seni maydonda tushunadigan, seni mahoratingni to'liq biladigan va senga ishonadigan sheriging deyarli yo'q!

Endi, 1 yil ichida 3 marta bosh murabbiyini almashtirgan va tarkibini 70% ni yangilagan jamoadan boshqasini kutmaymizamda!

Lekin, jiyan sen baribir "Molodets"san!

Italiya diyoriga borganinga ko'p bo'lishiga qaramay, maydonda bor kuchingni, mahoratingni baholi qudrat ko'rsatyapsan, o'zingni ayamayapsan!

Otanga, ustozlaringa rahmat, jiyan!

Ehh, seni o'yiningni ko'rib, er yuzini har bir chekkasida qanchadan-qancha Vatandoshlaring g'urur va iftixor tuyg'usini tuyushlarini bilganingda eding, Eldorjon!

Lekin...

Lekin jiyan, nima bo'lishidan qat'iy nazar, eng avval “JENOA”ni sharafi va muxlislari uchun harakat qil!

Futbol falsafasi nuqtai nazaridan shaxsan men hali g'o'r deb bilgan jamoadoshlaring Skamakka yoki Zakkaposta kabi o'zingni o'ylama!

Imkon bo'lganda, hozirgiday jamoadoshlaringa gol urish uchun qulay imkoniyat yaratib beraver!

Bilaman, senga butun o'yin davomida deyarli hech kim, xuddi sen ularga yaratib berayotgan gol urish uchun qulay imkoniyatlarni yaratib bermayapti. Lekin, sen baribir hozirgiday jamoangga maydonning har bir nuqtasida yordam beraver!

O'zing uchun qulay vaziyat bo'lavermaganda, shu vaziyatni o'zing uchun o'zing yarat! Uddalay olasan, bu haq gap!

O'ylama, dunyo ahli o'yinni unutadi va yakunda gol urgan tarixda qoladi deb!

Yo'q!

Har qanday jamoani asl muxlislari, maydonda JAMOA uchun jonini berib o'ynagan o'yinchilarni qadrlashadilar, ardoqlashadilar!

Ko'p holatlarda, jamoalarni tarixdagi eng zo'r tarkiblariga aynan shuday FIDOKOR o'yinchilarni kiritishadilar!

Sababi, bunday o'yinchilar, o'zlarining shaxsiy muvaffaqiyatidan ko'ra, jamoasining muvaffaqiyatini, g'alabasini ustun qo'yadilar va yakunda albatta muxlislar qalblaridan o'rin olishadilar!

Ob'ektiv va halol baho beradigan mutaxassislar, muxlislar albatta bor, jiyan!

Eldorjon, bo'shashma! Ko'proq o'zingni kuchinga ishonaver!

Hali jismonan bor kuchingni 90 daqiqa ko'rsatishinga ozgina bor! Aynan shu jihat va yakunlovchi zarbalaringni jamoadoshing Destro kabi “nayza qilib sanchish” ustida ko'proq ishla!

Nasib qilsa, qisqa vaqt ichida "Jenoa" muxlislari ham seni “Eldor – Gol” deb atay boshlashadilar!

Bizlarni gapirmasa ham bo'laveradi, bizlar uchun sen “Ota o'g'il” bo'lib qolaverasan, jiyan!

Biroq, unutma jiyan! Jamoang sha'ni – baridan ustun!!! Chunki, Jamoa – bu xuddi oila kabi muqaddas!

Omadingni bersin, jiyan!

Kichkina mehmonni o'pib qo'y!!!

Furqat Qurbonov.

Manba: stadion.uz

Yangiliklarni Telegramda o'qing!
BILDIRILGAN FIKRLAR
Umumiy: 1

Фойдаланувчи қоидалари
E-mail: maydon.net@gmail.com
© Maydon.net— «Спорт янгиликлари»