26.12.2018, 20:50

Milliy olimpiya qo'mitasiga yangi vitse-prezidentlar saylandi


Bugun, 26 dekabr kuni Milliy olimpiya qo'mitasi Bosh Assambleyasining navbatdan tashqari hisobot-saylov yig'ilishi bo'lib o'tdi. Assambleya davomida tashkilotning 2018 yilgi faoliyati bo'yicha MOQ Bosh kotibi Jasur Matchanov hisoboti tinglandi.

2020 yil Tokioda bo'lib o'tadigan yozgi Olimpiya o'yinlari uchun Qo'mita tomonidan ishlab chiqilgan Strategiya yuzasidan MOQ prezidenti maslahatchisi Nazirjon Xudoyqulov ma'lumot berdi.

Shuningdek, MOQ vitse-prezidentlari, Ijroiya qo'mitasi va Bosh Assambleyasi, taftish komissiyasi a'zolarini saylash va boshqa masalalar muhokama etildi.

Kun tartibidan o'rin olgan eng asosiy masalalardan yana biri tashkilotga vitse-prezidentlarni saylash edi. Bungacha MOQ vitse-prezidenti lavozimiga jamoatchilik asosida saylangan Alisher Sultanov va Murod Azimovlarning asosiy faoliyatidagi ish hajmi oshganligi, davlat xizmatlari yuzasidan muhim topshiriqlar va davlat ahamiyatiga molik yirik dasturlar ijrosiga mas'ul ekanligini inobatga olib, ushbu lavozimlarga bir nechta nomzodlar o'rganib chiqildi. O'rganish natijasida, bugungi o'zbek sporti rivoji va nufuzini oshirishda o'zining mehnati va tajribasini ayamasdan, salmoqli hissa qo'shib kelayotgan O'zbekiston taekvondo (WTF) assotsiatsiyasi raisi Ahmadjon Amindjanovich Rahimov hamda Osiyo kurash konfederatsiyasi prezidenti Komiljon Ismoilovich Ro'ziev nomzodiga ishonch bildirildi. Qatnashchilar bir ovozdan ushbu nomzodlarni qo'llab-quvvatladilar. Shu tariqa Ahmadjon Rahimov va Komiljon Ro'ziev Milliy olimpiya qo'mitasining vitse-prezidenti sifatida faoliyat olib boradigan bo'lishdi.


(Ahmadjon Rahimov)


(Komiljon Ro'ziev)

MOQ Ijroqo'mi a'zolari tarkibi esa quyidagicha ko'rinish oldi:

Umid Ahmadjonov – Milliy olimpiya qo'mitasi prezidenti
Jasur Matchanov – Milliy olimpiya qo'mitasi Bosh kotibi
Ahmadjon Rahimov – Milliy olimpiya qo'mitasi vitse-prezidenti
Komil Ro'ziev – Milliy olimpiya qo'mitasi vitse-prezidenti
Salim Abduvaliev – Milliy olimpiya qo'mitasi vitse-prezidenti
Saida Mahmudova – O'zbekiston stol tennisi federatsiyasi raisi
Andrey Abduvaliev – O'zbekiston engil atletika federatsiyasi raisi
Xudoyor Ahmedov – O'zbekiston «Rowing & Canoe» federatsiyasi raisi
Alamjon Mullaev – O'zbekiston karate Milliy federatsiyasi raisi
Bahrom Gaziev – O'zbekiston zamonaviy beshkurash federatsiyasi raisi
Otabek Imomov – O'zbekiston kamondan otish federatsiyasi raisi
Aziz Komilov – O'zbekiston dzyudo federatsiyasi raisi
Bahodir Ahmedov – O'zbekiston chim usida xokkey federatsiyasi raisi
Shahrillo Mahmudov – O'zbekiston og'ir atletika raisining birinchi o'rinbosari
Kozim O'rinboyxo'jaev – O'zbekiston velosiped sporti federatsiyasi raisining birinchi o'rinbosari
Shoikrom Isroilov – O'zbekiston futbol assotsiatsiyasining vitse-prezidenti
Eldor Anorboev – O'zbekiston yilqichilik va ot sporti federatsiyasi bosh kotibi
Igor Shepelov – O'zbekiston tennis federatsiyasi bosh kotibi
Ruslan Mustaev – O'zbekiston gimnastika federatsiyasi raisi o'rinbosari
Marat Kurbanov – Boks bo'yicha O'zbekiston terma jamoasi bosh murabbiyi
Ulug'bek Mirhaydarov – O'zbekiston Milliy Paralimpiya assotsiatsiyasi raisi
Komil Yarashev – O'zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universiteti prorektori

So'ngra taftish komissiyasi a'zolariga nomzodlar tanishtirildi. Unga ko'ra O'zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universiteti prorektori Komil Yarashev, O'zbekiston velosiped sporti federatsiyasi bosh hisobchisi Saida Imomgalieva va O'zbekiston og'ir atletika federatsiyasi bosh hisobchisi Surayyo Po'latxo'jaeva taftish komissiyasi a'zolari sifatida saylandi. Yurtimizda xotin-qizlar sportini rivojlantirish bo'yicha esa O'zbekiston tennis federatsiyasi raisi Saida Mahmudova mas'ul sifatida biriktirildi.

Assambleya davomida Milliy olimpiya qo'mitasi prezidenti Umid Ahmadjonov so'zga chiqar ekan, tashkilotning bugungi kundagi eng asosiy vazifasi Tokio 2020 Olimpiadasida munosib ishtirok etish, har jabhada natijalarni yaxshilash ekanligini aytib o'tdi.

«MOQ Ijroqo'midan har bir sport federatsiya rahbarlari, vakillari o'rin oldi. Bundan maqsad barcha bilan hamjihatlikda, bir oila bo'lib ishlashdir. Tokio 2020 Olimpiya o'yinlari bo'yicha muhtaram yurtboshimiz tomonidan katta topshiriqlar berilgan. Kunchiqar yurt mezbonlik qiladigan Olimpiadada Riodagi musobaqada qayd etilgan ko'rsatkichni yaxshilashimiz lozim. Biz Prezidentimizning yonlarida turib, xalqimiz ishonchini oqlaymiz va nasib qilsa Tokiodan yorug' yuz bilan qaytamiz», – dedi MOQ rahbari.

Shu tariqa, O'zbekiston Milliy Olimpiya qo'mitasi Bosh Assambleyasining navbatdan tashqari hisobot-saylov yig'ilishi o'z ishini yakunladi.

Читайте также:

Ertaga Milliy olimpiya qo'mitasi rahbariyatida o'zgarishlar yuz beradi

O'zbekiston zamonaviy beshkurash federatsiyasiga yangi rais saylandi

Al-Sabax Milliy olimpiya qo'mitalari assotsiatsiyasi prezidenti lavozimini tark etdi

O'zbekiston taekvondo WTF assotsiatsiyasiga yangi rahbar saylandi

Jakartada Osiyo Olimpiya kengashining Bosh assambleyasi o'tkazildi