14.06.2019, 20:00

Milliy olimpiya qo'mitasi rahbariyatida o'zgarish bo'ldi


Bugun O'zbekiston Milliy Olimpiya qo'mitasida tashkilotning navbatdan tashqari XXXV Bosh Assambleyasi o'tkazildi. Unda O'zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o'rinbosari Aziz Abduhakimov, MOQ rahbari Rustam Shoabdurahmonov, Jismoniy tarbiya va sport vaziri Dilmurod Nabiev, MOQ Ijroiya qo'mitasi a'zolari hamda OAV vakillari ishtirok etishdi.

Mazkur Assambleya kun tartibiga qo'yilgan asosiy masala MOQ vitse-prezidentlari Ahmadjon Rahimov hamda Komiljon Ro'zievning o'z xohishlariga ko'ra yozgan arizasi asosida lavozimidan ozod etish masalasini ko'rib chiqish va ularning o'rniga yangi nomzodlarni saylash bo'ldi.

Yig'ilishni MOQ Bosh kotibi Jasur Matchanov olib bordi. Arizalar qabul qilingach Milliy Olimpiya qo'mitasi vitse-prezidentligiga O'zbekiston dzyudo federatsiyasi raisi lavozimida ishlab kelgan Aziz Yakubdjanovich Kamilov hamda O'zbekiston boks federatsisi raisining birinchi o'rinbosari lavozimida faoliyat ko'rsatgan Saken Jetibaevich Polatov nomzodlari taklif etildi. Assambleya ishtirokchilari tomonidan ko'rsatilgan har ikki nomzodlar bir ovozdan ma'qullandi va Aziz Kamilov hamda Saken Polatov O'zbekiston Milliy Olimpiya qo'mitasi vitse-prezidentligiga saylanishdi.

 

Bosh Assambleya doirasida so'zga chiqqan MOQ prezidenti Rustam Shoabdurahmonov yangi lavozimga saylangan mutasaddilarning faoliyatiga omad tilab, Olimpiadaga tayyorgarlik borasida o'z fikrlarini bildirib o'tdi.

“Ma'lumki, Tokio Olimpiadasiga tayyorgarlik bo'yicha tezkor reja ishlab chiqqanmiz. Bu borada ishchi guruhlari tuzilgan va mutaxassislar o'zlariga biriktirilgan vazifalarni bajarishmoqda. Reja hukumatimiz tomonidan qo'llab-quvvatlandi va nima yordam kerak bo'lsa bizdan ayashmayapti. Buning uchun rahbarlarimizga chuqur minnatdorchilik bildirib qolaman. Agar biroz tahlil qilib ko'rsak, Olimpiya o'yinlariga tayyorgarlik deyarli bir xil olib borilayotgandi. Federatsiyalar Olimpiadaga avvalgidek tayyorlanishmoqda. Bu borada yangicha qarashlar, izlanishlar, yangi g'oyalar ko'rinmayapti. O'quv-mashg'ulot yig'inlarida ham sportchilarimiz o'zaro kurashib, bir birlariga sparring raqib bo'lib yurishibdi. Ayni paytda Pan Amerika mintaqasida o'zlarining ichki musobaqasi bo'lib o'tmoqda. Musobaqalar yakunlanganidan keyin ushbu mintaqaning boks, qilichbozlik va dzyudo sport turlari bo'yicha terma jamoalari yurtimizda qo'shma yig'in o'tkazishadi. Bizga mana shunaqa yangicha g'oyalar va takliflar kerak. Yana bir marta qaytarib aytaman, siz federatsiya vakillari bizlar uchun emas, biz sizlar uchun ishlaymiz. Shunday ekan, bu borada o'z takliflaringizni kiriting. Biz sizlarga yordam beramiz”, – dedi Rustam Shoabdurahmonov.

Shuningdek, Bosh Assambleya doirasida O'zbekiston sport faxriylari kengashi raisi Komiljon Xudoyberganov, O'zbekiston og'ir atletika federatsiyasi raisining birinchi o'rinbosari Shahrillo Mahmudov, dzyudo bo'yicha O'zbekiston terma jamoasi bosh murabbiyi Farxod To'raevlar so'z olib, yangi saylangan MOQ vitse-prezidentlariga omad va zafarlar tilashdi.

Yig'ilish davomida Bosh vazir o'rinbosari Aziz Abduhakimov hamda Jismoniy tarbiya va sport vaziri Dilmurod Nabiev sohada olib borilayotgan ishlar yuzasidan o'z fikrlarini bildirib o'tishdi. Jumladan, Aziz Abduqaxxorovich Tokio Olimpiadasiga vaqt juda oz qolgani, tayyorgarlikni kuchaytirish lozimligi, davlatimiz tomonidan ajratilgan mablag'lar to'g'ri va maqsadli sarflanishini jiddiy nazoratga olish, bu borada monitoring ishlarini samarali tashkil etish bo'yicha mutasaddilarga kerakli ko'rsatmalar berdi. Shuning bilan MOQning navbatdan tashqari XXXV Bosh Assambleyasi o'z ishini yakunladi.

Читайте также:

MOQga yangi rahbar saylandi

Bangkokda Osiyo Olimpiya kengashining 38-Bosh assambleyasi o'z ishini boshladi

Osiyo chempionatida muvaffaqiyatli qatnashgan sportchilar O'zbekistonga qaytib keldi

Milliy olimpiya qo'mitasiga yangi vitse-prezidentlar saylandi

Bosh vazir o'rinbosari sportchilarga omad tiladi