17.05.2019, 10:40

«Kambek»laringdan aylanay, EChL

EChLning oxirgi 2 mavsumida kuzatilgan «kambek»lar - bu xayolotga sig'mas qandaydir metafizika.

To'g'risi, Evropa klub futbolining bosh turniri oxirgi vaqtlarda kuchli sehr ichida qolganini mantiqan tushuntirib berish umuman imkonsizdir. Buni na VAR (ushbu tizim faqat «MYu» va «Manchester Siti» ishtirokidagi o'yinlar - dramalarga ma'lum darajada ta'sir o'tkazdi), na ilk o'yinda g'alaba qozongan jamoalarning qo'rqoqligi va na murabbiylarning taktik noshudliklariga bog'lab bo'ladi. Qanchalik g'alati tuyulmasin, metafizika eng ishonarli izohdek ko'rinmoqda...

ChL tarixida hali hech qaysi mavsumda bu qadar ko'p «kambek» qayd etilmagandi. Ya'ni ilk o'yinda mag'lubiyatga uchragan jamoalarning javob bahsida kurashish huquqini qutqarib qolishi shunchalik ko'p kuzatilgan emasdi. O'zi murakkab «kambek»lar Chempionlar Ligasi uchun hech qachon me'yor sanalmagan. Misol uchun, 2004-2012 yillar oralig'ida ilk o'yinni 2ta yoki 3ta gol farqi bilan boy bergan biror jamoa vaziyatdan chiqib ketolmagan. Demakki, turnirda naq 8 yil davomida chinakam «kambek» ro'y bermagandi. Bundan oldingi ikki holatni eslaymiz:

Mavsum-2003|2004. Chorak final. «Deportivo» «San Siro»dagi 1:4dan keyin La-Korunyada «Milan»ni 4ta javobsiz gol bilan «siyladi».

Mavsum-2003|2004. Chorak final. «Real Madrid» o'z maydonida «Monako»ni 4:2 hisobida engdi, keyin Frantsiyada «kuyib» qoldi - 1:3.

Mavsum-2011|2012. Ushbu uzoq jimlikni «Chelsi» va «Napoli» klublari Londondagi o'yinning qo'shimcha bo'limlari vositasidagina buzishdi - «ko'klar» Italiyada 1:3 hisobida yutqazishganidan keyin o'z maydonlarida 4:1 ko'rinishida ustun kelishdi. «Hayotda tez-tez mo''jizalarga yuz tutishing mumkin. Lekin ular odatda mutlaqo kutilmagan joyda bo'y ko'rsatadi. Har holda, tabiiy ravishda kutganing amalga oshsa, u mo''jiza hisoblanmaydi», - degandi safarda 1:4 hisobida engilganiga qaramay, o'z maydonida «Milan»dek o'z davrining yaqqol kuchli klubiga 4ta javobsiz gol «tortiq» etgan «Depor» bosh murabbiyi Xaver Irureta. Demakki, La-Korunya jamoasi ustozi milanliklar to'sig'idan o'tishga umuman ishonmagan yoki buni aslo kutmagan...

Evropa Chempionlar Ligasining oxirgi ikki mavsumi «pley-off» raundlarida ro'y bergan voqealarni faqat qandaydir ruhiy formula asosida sharhlash mumkindek. Mutlaqo tushunarsiz echimlar....

***  «Liverpul» - «Barselona» - 4:0. Kataloniyadagi 0:3dan keyin, boz ustiga, Muhammad Saloh va Firmino kabi klub etakchilari aralashuvisiz...

***  «PSJ» - «MYu» - 1:3. Manchesterdagi 0:2dan keyin, oxirgi daqiqalar, VAR aralashuvi, penalti...

***  «Yuventus» - «Atletiko» - 3:0. «Vanda Metropolitano»dagi 0:2dan keyin. Qirol Krishtianu Ronaldu na'ra («xet-trik»)si...

***  «Real» - «Ayaks» - 1:4. Amsterdamdagi 1:2dan keyin. Bir ko'rishda «Santyago Bernabeu»ga nisbatan alanga olgan muhabbat ta'siri.

***  «Manchester Siti» - «Tottenxem» - 4:3. Londondagi 1:0dan keyin. Yana VAR aralashuvi va 90}3-daqiqada Rahim Sterling tomonidan urilgan qutqaruv golining bekor qilinishi...

***  «Ayaks» - «Tottenxem» - 2:3. Londondagi 1:0dan keyin. Sehrli 90}6-daqiqa, Lukas Moura...

***  «Roma» - «Barselona» - 3:0. Kamp-Nou»dagi 1:4dan keyin. Umidsiz «bo'rilar»ning qo'qqisdan tashlanishi...

***  «Real» - «Yuventus» - 1:3. Turindagi 0:3dan keyin. Hisob 0:3 bo'lib turgan bir pallada «Yuve» darvozasi tomon penalti belgilanishi (qo'shib berilgan daqiqada) va Janluiji Buffondan achchiq ta'rif: «Hakam yurak o'rniga axlat qutisini ko'tarib yurgan ekan...».

***  «Roma» - «Liverpul» - 4:2. Angliyadagi 2:5dan keyin. Umumiy hisob - 6:7, yana yarim finalda-ya...

***  Ha, ming-minglab izoh va tushuntirishlarga bo'ysunmaydigan ruhiy tebranishlar... «Barselona» - «PSJ» o'yini (6:1) ChLga katta ta'sir o'tkazgani haqidagi teoriyada jon borga o'xshaydi. Mart oyidagi o'sha «jinni»lik qandaydir qo'llanma-kitob, abadiy namuna bo'lib qolgandek. Unda nima yozilgan? Hammasi oddiy gaplar: «Oldindan taslim bo'lish ahmoqlik, hattoki, uyat ham...». Kechagina «Enfild Roud» vajohati oldida ojizona bosh egishga majbur bo'lgan «Barselona»ning o'sha vaqtdagi bosh murabbiyi Luis Enrike so'zlaridan iqtibos keltiramiz: «Serji Robertoni maydonga tushirar ekanman, bitta gapni qayta-qayta takrorladim - faqat jarima maydoniga intil, albatta, gol urasan». Natijani bir eslang, Parijdagi 0:4dan keyin 6:1 va oxirgi hal qiluvchi gol muallifi aynan Serji Roberto. «To'g'risi, ancha vaqtgacha tushunmaganman - uxlayapmanmi yoki hammasi real hodisa? Hayotimda biror marta bunday baland shovqinni eshitgan emasdim», - deya kulib eslagandi Roberto keyinchalik o'sha sehrli oqshom voqeligini. «Kamp Nou»da ro'y bergan g'alati «kambek»dan bir hafta o'tar-o'tmas «Monako» o'zgacha kuch olib, «Manchester Siti»ga nisbatan «surbet»lik qilganiyu, bamaylixotir chorak finalga yo'l olgani esingizdami? Ha, frantsuzlar ehtimolki, Kataloniya mo''jizasidan o'zgacha ilhom olishgandir.

***  Voqealarning keyingi rivoji esa hammaning yodida. «Hech kim bizga ishonmagandi, - dedi «Roma» xaloskori Edin Jeko bir yil oldin «Barselona» 3:0 hisobida dog'da qoldirilgan o'yindan keyin. - Hamma-hamma jamoamizning keyingi raundga chiqish imkoniyati ko'pi bilan 5 foizga tengligini ta'kidladi. Ochig'i, maydonda yuz bergan voqealarni ta'riflashga til ojiz. Aqlga sig'maydigan va imkoni yo'q qandaydir telbavorlik. Endi yarim finaldan rohatlansak, bas. Shaxsan men buyog'iga hech narsadan qo'rqmayman».

***  Qisqasi, shu cho'chimaslik sindromi oxirgi 2 yilda butun ChLni qurshab olgandek. Oddiy aytganda, endilikda hech qaysi jamoa hech qaysi raqib yoki hisob oldida qo'rquvni his qilayotgani yo'q. Eng muhimi, cho'chimaslik xislati aksar jamoalarga qo'l kelmoqda ham. «Barchasi kishini esankiratib qo'yadigan darajada. Agar o'yindan oldin kimdir menga shunday bo'lishini aytganida, aslo ishonmasdim, uni telbaga chiqarib qo'yardim balki... Har holda, bunday qilishning iloji yo'qligini ta'kidlardim, - dedi Klopp «Enfild» markazidagi xursandchilik onlaridan bir necha daqiqa o'tib. - Quloq solinglar, hozir soat 10 daqiqa kam 23:00, demak, bolalar krovatda uxlab yotgan bo'lishlari kerak. Yigitlar shunchaki, ko'rsatib qo'yishdi. Kuchli shaylanish... Agar xohlasangiz, menga jarima solavering, biroq bu ona tilim emas va bugungi voqealarga boshqacha tavsif berolmayman».

***  «Ayaks» - «Tottenxem» o'yinidagi voqealar rivojini qanday izohlash mumkin? 3ta bo'limdan ke-yin 3:0 - Amsterdam klubi oldinda. Oxirgi 45 daqiqa natijasi - 0:3 va «Tottenxem» ChL finalchisi! Umuman, «shporlar» joriy mavsum dramalar qiroliga aylanishdi: 85-daqiqada urilgan gol evazigagina guruh bosqichidan chiqishdi, 1|4 final raundida ularga VAR tizimining 90+3-daqiqadagi aralashuvi qo'l keldi, Amsterdamda esa 90}6-daqiqa (!)da gol urib, «Ayaks»ni «ko'mishdi». Aytingchi, bu qanday mo''jiza? «Tottenxem» bunday omadni qaerdan va qanchaga sotib olgan...?

Ha, faqat sayyoramizning eng zo'r turniridagina shunday bo'lishi mumkin...

Mavzu bo'yicha:

«Kambek»laringdan aylanay, ChL…

EChL va Evropa ligasi finalchilarining barchasini ushbu mavsumda yutgan jamoa bor

Kris Smolling: "Barselona? Urinib ko'ramiz"

Gvardiola: «Barselona»dan ketganimdan keyin hech qachon Messini sotib olishga harakat qilmaganman»

EChL, qur'a: Savatchalar tarkibi ma'lum