12.01.2019, 16:10

Jaloliddin Masharipov: «Kuper menga bir narsa aytdi»


O'zbekiston milliy terma jamoasi futbolchisi Jaloliddin Masharipov MOQ Matbuot va media departamenti boshlig'i Zafar Imomxo'jaevga bergan intervyusida Osiyo kubogidagi birinchi o'yin, murabbiy, yaratilgan sharoitlar va boshqa jihatlar haqidagi savollarga javob berib o'tdi.

Ummonga qarshi o'yin haqida

Musobaqadagi dastlabki o'yin hayajonlarga boy bo'lishini oldindan bilgandik. Bahsda asosiy e'tibor chiroyli o'yinga emas, nima bo'lsa ham g'alaba qozonishga, xalqimizni xursand qilishga qaratilgandi. G'alaba murabbiy Ektor Kuper uchun ham kerak edi. Biz uchun birinchi navbatda g'alaba ekanligi, ana shu orqali o'zimizga bo'lgan ishonch oshishi haqida murabbiy tushuntirib berdi. O'yinni u qadar zo'r o'tkaza olmaganimiz, to'p nazoratini ushlab turmaganimizni bilamiz. Lekin eng muhimi, g'alaba qozondik.

Kuperning uslubi

Ektor Kuper terma jamoamizda ish boshlagan vaqtda himoyaga asosiy e'tiborni qaratishni ma'lum qilgandi. Keyin futbolchilarimizning, ayniqsa yarim himoyachilarimizning to'p bilan yaxshi muomula qilishini ko'rgandan so'ng hujumkor futbol ko'rsatish imkoniyati borligini ham aytdi. O'zbek muxlislari hujumkor futbolni yaxshi ko'rishlarini tushundi. Antaliyadagi yig'in davomida ham hujumkor futbolga e'tibor qaratdik.

Murabbiyning individual texnikaga bo'lgan munosabati qanday?

U bunga juda yaxshi munosabatda. Mening 6 oylik diskvalifikatsiyam bo'lganligi sabab, u meni «Paxtakor»dagi o'yinlarimni kuzatdi va shu orqali terma jamoaga chaqirdi. Milliy terma jamoada ham klubimdagi kabi o'yin namoyish etishimni so'radi. «To'p yo'qotishdan qo'rqmagin» deb aytdi. Bu albatta menda o'zimga bo'lgan ishonchni ko'tardi. Ammo, birinchi o'yinda natija muhim bo'lgani sabab himoyaga ham yordam berib turdim.

Yaratilgan sharoitlar haqida

Bungacha terma jamoalarimizda ko'p o'yin o'tkazganman. U yoshlar jamoasi bo'ladimi, milliy terma jamoa bo'ladimi – xech qachon bunday jihatlardan nolimayman. Asosiy maqsadim – maydonga chiqib terma jamoaga yordam berishdir. Yoshligimda milliy terma jamoa o'yinlarini ko'rib «xech bo'lmasa bir marotaba terma jamoa safida o'ynasam» degan o'y hayolimdan o'tardi.

Shu ergacha etib keldimmi, endi bahona qilish kerak emas. Maqsadim – maydonda terma jamoaga yordamim tegsin. Vitaminlardan foydalanmayman. Hali yoshman va organizmim joyida. Chakmayman, ichmayman. Liboslar haqida gapiradigan bo'lsam, bu katta ahamiyatga ega emas. Asosiysi men terma jamoa libosidaman va bundan juda xursandman. Shu sababdan, muxlislarga yoqadigan o'yin ko'rsatgim keladi.

Ichki muhit, rejalar haqida

Milliy terma jamoadagi ichki muhit ajoyib. Biz bu erda aka-ukadekmiz. Odil aka, Anzur aka, Ignat aka kabi bizdan katta futbolchilar yoshlarga doim yordam berishadi. Ular bizga doimo to'g'ri yo'l ko'rsatadilar. Asosiy maqsadimiz – kamida finalgacha etib borish. Biz buni uddalay olamiz. Buning uchun barcha narsa etarli, murabbiy ham tajribali. Munosabatlarimiz do'stona, ortiqcha bosim yo'q. Yaratilgan sharoit, muhit uchun O'FAga, uning xodimlariga rahmat aytaman. Biz qo'ldan kelganicha harakat qilamiz va o'z maqsadimizga erishamiz.

Читайте также:

Jaloliddin Masharipov: «G'alaba uchun g'oliblik ruhiga ega bo'lish kerak»

Ektor Kuper: «Keyingi o'yinlarda xatolarimizni to'g'irlaymiz»

Ektor Kuper: “Xursand bo'ldim, ammo natijadan emas”

Ektor Kuperning O'zbekistondagi kelgusi taqdiri oydinlashdi

Ektor Kuper boshchiligidagi O'zbekiston MTJ 22 avgustdan boshlab Toshkentda yig'inga kirishadi