08.08.2018, 21:21

Iyul oyining eng chiroyli goli muallifi – Sherzod Hakimov


Bilasiz, O'zbekiston Professional futbol ligasi mavsum boshidan buyon oyning eng yaxshilarini aniqlab kelmoqda.

Mazkur so'rovnomada PEPSI Superliganing 12 ta klubi bosh murabbiylari va sardorlari ishtirok etdi. Muxlislar ovozi esa PFL rasmiy saytida o'tkazilgan so'rovnoma orqali qabul qilindi.

Bilasiz, iyun-iyul oylarida Rossiya yashil maydonlarida Jahon chempionati-2018 bo'lib o'tdi. Shu sababdan PEPSI Superligada qisqa tanaffus yuzaga keldi va iyun oyida faqatgina bitta tur o'yini tashkil etildi. Shuni inobatga olib, iyun va iyul oylari uchun bitta so'rovnoma tashkil qilishga qaror qilindi. Zero bitta tur natijalari inobatga olinib, iyun oyining eng yaxshilari aniqlanishi biroz nojoiz bo'lar edi. Shu tariqa bu safar iyun oyidagi bitta tur va iyuldagi 5 ta tur uchrashuvlari yakunlariga ko'ra eng yaxshilar aniqlandi.

Ortda qolgan 6 ta tur doirasidan o'rin olgan uchrashuvlarda bir qator chiroyli gollar kiritildi. Bir qancha futbolchilar raqib darvozasini chiroyli tarzda ishg'ol etib, muxlis-u mutaxassislar olqishlariga sazovor bo'lishdi. Ular ichidan 6 ta saralab olingan nomzodlarga PEPSI Superliga klublari bosh murabbiylari, sardorlari hamda PFL saytida muxlislar ovoz berishdi. Iyul oyining eng chiroyli goli deya e'tirof etilish uchun kurash ancha qizg'in tarzda kechdi.

Yakunda Sherzod Hakimov tomonidan “Bunyodkor” darvozasiga kiritilgan gol 1-o'rinni egalladi. Murabbiylar va sardorlarning 8 nafari Hakimovning golini 1-pog'onaga loyiq ko'rdi. Shuningdek, muxlislar o'rtasida tashkil etilgan so'rovnomada ham Sherzod Hakimov eng ko'p ovoz yig'di.

Ikkinchi pog'ona esa Javlon Ibrohimovga nasib etdi. Uning “Neftchi” darvozasiga kiritgan goli jami 33 ochko jamg'ardi. Uchinchi o'rin esa Vladimir Kozakni 1 ochkoga ortda qoldirgan Sardor Rashidovga nasib etdi. 

Ta'kidlash joiz, mart oyida eng chiroyli gol muallifi deya Aziz Turg'unboev e'tirof etilgan edi. Aprelda Elguja Grigalashvili, mayda esa Arslonmurod Omonov oyning eng chiroyli gollariga mualliflik qilishgandi. 

Читайте также:

Iyul oyining eng yaxshi futbolchisini aniqlash uchun ovoz berish boshlandi

PEPSI Superliga. Iyul oyining eng chiroyli goliga ovoz bering (Video)

Iyul oyining eng yaxshi murabbiyiga ovoz bering

Iyul oyining eng yaxshi darvozabonini aniqlash uchun ovoz berish boshlandi

JCh—2018 da ishlagan ikki referi Pepsi Superligasi o'yinlariga taklif etildi