Assalom-u alaykum, Mehmon! Soat: 12:50
KirishRo'yxatdan o'tish
Farhod Bekmurodov: «Superliga ancha qiziqarli o'tadi»
  4 Mart, 09:05  13

.

Superliga bahslariga start berilishiga ham oz muddat qoldi. Barcha jamoalar qatori turnirga munosib tayyorgarlik ko'rish maqsadida, «Qo'qon-1912» ham mashg'ulotlarga zo'r bergan. Klub tarkibini kamsonli, ammo sifatli futbolchilar bilan boyitmoqda. Bulardan biri - «Andijon»ning sobiq o'yinchisi Farhod Bekmurodovdir. Futbolchi biz bilan kechgan suhbatda «Andijon»dan ketish sabablari va yangi jamoasidagi taassurotlari bilan o'rtoqlashdi.

- Yangi jamoangiz - «Qo'qon-1912»ning yig'in jarayoni qanday taassurot qoldirmoqda, jamoaga kirishib ketishda qiynalmayapsizmi?

- Yig'in yaxshi o'tyapti, kuniga ikki mahaldan mashg'ulot olib boryapmiz. Jamoaga yaxshi kirishib ketdim. Xudoga shukr, jamoadoshlarim meni iliq qarshi olishdi.

- Sizni uzoq yillar «Andijon» safida kuzatdik, bu jamoa bilan og'ir kunlarni boshdan kechirdingiz. Ammo bu yildan barchasi boshqacha bo'lishi mumkin edi. Klubdan ketishingiz sababini qanday izohlaysiz?

- To'g'ri, jamoada qiyin davr-larda ham to'p surdim va klubni og'ir ahvolda tashlab ketmadim. Agar hisoblab chiqsak, «Andijonda» naq 7 yil to'p surdim. Jamoadan ketishimga to'xtaladigan bo'lsam, menga klubdagilar tomonidan aniq taklif bo'lmadi. Faqat jamoa bosh murabbiyi Otabek G'ulomxo'jaev taklif qilib, kelgusi rejalarim qandayligini so'radi. Oldimda boshqa jamoalardan takliflar borligini, ularni ko'rib chiqayotganligimni va barchasi deyarli hal bo'lib qolganini aytdim. Shundan keyin ham ayrim jamoalarimizdan takliflar tushdi.

- Nega aynan «Qo'qon-1912»ni tanladingiz?

- Bunga ko'proq klub bosh murabbiyi Baxtiyor Ashurmatov sababchi bo'ldi. Ushbu mutaxassis uch yildan buyon o'zi ishlagan jamoalarga taklif qilardi, lekin ayrim sabablarga ko'ra borolmasdim. Mana, bu yil birga ishlash nasib qilgan ekan.

- Mashg'ulot va o'rtoqlik uchrashuvlarida o'z imkoniyatlaringizni to'liq namoyish eta olyapsizmi?

- Imkon qadar bor kuchimni sarflayapman, shu orqali asosiy tarkibga kirishga intilyapman. Maqsadim - yangi mavsumda jamoa­ga ko'proq yordam berish va murabbiylar ishonchini oqlash.

- «Andijon»da kechgan faoliyatingiz va u erda qolgan taassurotlar haqida so'zlasangiz.

- Taassurotlarimni bir so'z bilan ifodalab berolmayman. Bu jamoa bilan birgalikda yaxshi va yomon kunlarni boshdan kechirdik. Ozmi, ko'pmi muxlislarga ega bo'ldim, xalqqa tanildim, o'ziga yarasha tajriba orttirdim. Umuman olganda, futbolchi bo'lib etishishimga sababchi bo'lgan «Andijon» jamoasiga barchasi uchun rahmat aytaman.

- «Andijon»da yosh mutaxassis Otabek G'ulomxo'jaev bilan oz bo'lsada ishladingiz. Nima deb o'ylaysiz, ushbu murabbiy klubni kutilgan darajada bosh­qara oladimi?

- Otabek aka yaxshi murabbiy. Uning salohiyatli ekanligi sezilib turibdi. «Andijon» G'u-lomxo'jaev qo'l ostida yangi mavsumda yaxshi ishtirok etsa kerak.

- Joriy yilgi transfer oynasida faol bo'layotgan jamoalarni kuzata turib, xayolingizdan nimalar o'tmoqda? Bizning-cha, bu yil Superliga «yonadigan» ko'rinadi.

- Men ham shunday fikrdaman. Chunki o'tgan mavsum kutilgan natijaga erisholmagan «Lokomotiv» va «Navbahor» jamoalari tarkibga yaxshi ijrochilarni jalb qilishmoqda. Bundan tashqari, ko'plab klublar tarkibni yaxshilashyapti. Umuman olganda, bu yilgi Superliga ancha qiziqarli o'tadi, deb o'ylayman.

XURShIDBEK suhbatlashdi

Manba: stadion.uz

Yangiliklarni Telegramda o'qing!
BILDIRILGAN FIKRLAR

Фойдаланувчи қоидалари
E-mail: maydon.net@gmail.com
© Maydon.net— «Спорт янгиликлари»