12.10.2018, 16:20

Argentinadan eksklyuziv. Kumush medal sohibi Muhammadqodir va uning ustozi muvaffaqiyatdan so'ng qanday fikrda?


Xabar berib o'tganimizdek, o'smirlar Olimpiya o'yinlarida og'ir atletikachimiz Muhammadqodir Toshtemirov kumush medali sohibiga aylandi. Biz ushbu muvaffaqiyatdan so'ng sportchimizning fikrlari bilan qiziqdik.

«O'smirlar Olimpiadasiga jiddiy tayyorgarlik ko'rgandik. Bahslarda Armaniston va Misrdan tashrif buyurgan raqiblarim kuchli hisoblanardilar. Bir kilogramm farq bilan mag'lub bo'lganim biroz alamli bo'ldi.

Ammo, Olimpiya o'yinlarining kumush medaliga ega chiqqanimdan juda xursandman. O'ylaymanki, ishtirokimdan murabbiylarimning ham ko'ngli to'ldi. Oldinda ko'plab musobaqalar bor. Men o'z ustimda ishlab, yanada mahoratimni toblashim kerak.

O'smirlar Olimpiadasining kumush medalini qo'lga kiritish orqali, men orzularimdan birini amalga oshira oldim. Qo'llab-quvvatlagan barchaga rahmat aytaman», – dedi sportchi.

O'z navbatida sportchining murabbiyi Jo'rabek Zoirov ham o'z fikrlari bilan o'rtoqlashdi.

«III yozgi o'smirlar Olimpiya o'yinlariga yil davomida tayyorgarlik ko'rdik. Muhamammadqodir musobaqada -77kg vazn toifasida ishtirok etdi va bu erda kuchli raqiblar etarlicha edi. Masalan, armanistonlik polvon Evropa chempioni hisoblanadi.

Shuningdek, misrlik sportchi ham yomon natija ko'rsatgani yo'q. Biz raqibga bir kilogramm farq bilan mag'lub bo'ldik va yakunda kumush medal bilan kifoyalandik. O'ylaymanki, bu orqali biz terma jamoa uchun munosib nomzodlar tayyorlayotganimizni ko'rsata oldik.

Shuni alohida qayd etishim lozimki, o'smirlarimiz orasida Tokio 2020 Olimpiadasida ishtirok eta oladigan sportchilarimiz ham bor.

Muhammadqodir musobaqada siltab ko'tarishda 168 kg. natija ko'rsatib, o'zining shahsiy rekordini yangilay oldi. Bungacha uning bu boradagi rekordi 167 kg. edi. Ushbu natija bilan u Osiyo chempionligini qo'lga kiritgandi.

Endi Toshtemirovni -81kg vazn toifasiga o'tishini rejalashtiryapmiz. Navbatdagi musobaqalarga jiddiy tayyorlanib, kamchiliklarni bartaraf etamiz», – dedi murabbiy.

Читайте также:

O'smirlar Olimpiadasi. Kumush medal sohibi Muhammadqodir Toshtemirovning ishtirokidan FOTOGALEREYa

Bizda navbatdagi medal: Muhammadqodir Toshtemtrov kumush medalga ega chiqdi!

«Chusovitina jamoasida ishtirok etganimdan xursandman» – Indira O'lmasova

Jayhunbek Nazarov: «Mikstda nafaqat oltin qo'lga kiritmoqchi edim, balki revansh olishni ham istagandim»

O'smirlar Olimpiadasi sovrindori MOQning esdalik sovg'asi bilan taqdirlandi